2022 yilning 25 noyabr kuni Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti, Milliy media assotsiatsiyasi hamda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bilan hamkorlikda “Oʻzbek xalqi va davlatchiligi tarixiga oid yozma manbalar dunyo toʻplamlarida” mavzusidagi ellararo ilmiy yigʻini boʻlib oʻtdi. Ellararo ilmiy yigʻinda dunyoning 6 mamlakati – Oʻzbekiston, Buyuk Britaniya, Italiya, Ispaniya, Vengriya va Turkiyadan koʻzga koʻringan professor olimlar ishtirok etdilar. Ilmiy yigʻinni masofaviy tarzda koʻplab muassasalar va ishtirokchilar kuzatib bordilar.
Ilmiy yigʻinni Tarix instituti direktori Azamat Ziyo kirish soʻzi bilan ochib, moddiy va yozma manbalarning tariximizni oʻrganishdagi ahamiyati, bugungi kunda tariximizni oʻrganishda muhim boʻlgan manbalarning qaysi davlatlarda saqlanayotgani borasida maʼlumotlar taqdim etdi.
Ilmiy yigʻin ishtirokchilarini qutlagan FA vitse-prezidenti Bahrom Abduxalimov soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning tarixiy va madaniy merosi boʻyicha nashr etilgan toʻplamlar toʻgʻrisida yigʻilganlarga maʼlumot berdi.
Ilmiy yigʻinning birinchi maʼruzasi Ispaniyaning Kamplutense universiteti professori Xuan Karlos Bayo Xulve tomonidan taqdim etildi va unda Abbosiylar davrida Samarqandda zarb etilgan dirhamlar, Amir Temurning 1402-yil avgustida Kastiliya qiroli Genrix III ga yozgan maktubi, Rui Gonsales de Klavixo boshchiligidagi elchilik hisobotlari qoʻlyozmasi va boshqa yozma manbalar, Ispaniya muzeylarida saqlanayotgan yodgorliklar toʻgʻrisida maʼlumotlar taqdim etildi. Ilmiy yigʻin davomida, shuningdek, Turkiyaning Anqara universiteti professori Uchler Bulduk, Szeged universiteti (Vengriya) professori Shandor Papp, Neapol Sharqshunoslik universiteti (Italiya) dan dr. Lorenso Publichi, Britaniya kutubxonasida dr. Maykl Erdman va professor Azamat Ziyoning maʼruzalari tinglovchilarga havola qilindi.