⚠️|
“Amir Temur va Temuriylar merosi” ellararo ilmiy yig‘ini

“Amir Temur va Temuriylar merosi” ellararo ilmiy yig‘ini

7-aprel kuni O‘zbek xalqi va davlatchiligi, insoniyat tamadduni tarixida katta xizmatlari bilan tanilgan, Temuriylar uyg‘onish davri asoschisi ulug‘ Amir Temurning 689 yilligi munosabati bilan bugun FA Tarix instituti va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti birgalikda “Amir Temur va Temuriylar merosi” ellararo ilmiy yig‘ilishini o‘tkazdilar. 
Yig'in yuzochdisida Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo Amir Temur shaxsining birlashtiruvchi omili, Temuriylarning insoniyat tarixidagi o‘rni va xizmatlarini umumxalq va xalqaro darajalarda tadqiq etish va targ‘ib etishning dolzarbligini ta’kidladi. Xususan, Temuriylar oltin davri bo‘yicha birlamchi manbalarni yuzaga chiqarish va yetuk mutaxassislar tayyorlash zarurligiga alohida e’tibor qaratdi. 
Turkiyaning Egey universiteti professori Juneyit Kanat Amir Temurning dunyoqarashidagi o‘zgarishlar va evolyutsiyalarni uning yoshligidan oldinga qo‘ygan maqsadlari bilan bog‘lab, bu maqsadlar uchun intilishi va mehnati tufayli buyuk saltanatni barpo etganligini yorqin dalillar bilan ochib berdi. 
Temuriylar oltin davrida Turondagi ilm-fan, xususan, aniq fanlardagi yuksalish va yutuqlar, olimlarning samarali faoliyati haqida qimmatli ma’lumotlar bergan Tarix instituti kichik ilmiy xodimi Islom Bo'riyevning chiqishi ko‘pchilikning diqqatini tortdi. Ayniqsa, o‘sha davrdagi kashf etilgan yangi ilmiy qurilma va asbob-uskunalarning ahamiyatiga urg‘u berildi. 
Italiyaning Napo'li universiteti professori Mishel Bernardini Yevropada Amir Temur nomining uning hayotlik vaqtida yoyilishi, turli manbalar asosida buyuk Sohibqiron haqida rivoyatlarning to‘qilishi, keyinchalik uning o‘z suratlari chizilishi va uning haqida ko‘plab asarlarning yozilishi, Sharlotti, Hendel, Vivaldi, Gasperini, Purpora va boshqa ko‘plab bastakorlar tomonidan operalar yaratilishi masalalariga to‘xtalib o‘tdi. 
Eron Milliy kutubxonasi direktori G‘ulomrizo Amirxoniy Temuriylar davrida yozilgan tarixiy qo‘lyozmalarning Eron jamg‘armalarida saqlanishi, ularning nusxalari haqida qimmatli ma’lumotlar bilan bo‘lishar ekan, Shohruxning hayotiga doir ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan “Mahzar al-tamanniy” tarixiy asari haqida ma’lumot berdi. 
Tarix instituti kichik ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Kamola Qayumova Temuriylar davrida boshqa fanlar qatori tarix fanining rivojlanishida ham Amir Temur va uning vorislarining xizmatlari katta bo‘lganini tahlil qildi. 
Tarix instituti kichik ilmiy xodimi Elyor Turdimirzayevning chiqishida esa arab manbalarida Amir Temur shaxsiyatiga berilgan baholarga to‘xtalindi. Xususan, ular Sohibqironning jismoniy va ruhiy holati mukammal bo‘lganini, o‘ziga zarar tegsa ham to‘g‘rilikdan voz kechmaganini, yolg‘ondan va yolg‘on gapirganlardan nafratlanganini, harb ishida ham dunyoda tengsizlikni, ayniqsa, olimlarga alohida hurmat ko‘rsatib, ularni doim qo‘llab-quvvatlaganini ko‘rsatib berdi.
Tarix instituti tayanch doktoranti Nurulla Ahatovning chiqishida Temuriylar davri adabiy muhitining o‘ziga xos xususiyatlari, yetakchi namoyandalari adabiy merosi, adabiy yo‘nalish va simolar takomili masalalari haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, Temuriylarning adabiyotga munosabati orqali adabiy-nazariy tafakkur rivoji masalasi yoritildi.
“Amir Temur va Temuriylar merosi” ellararo ilmiy yig‘inida e’lon qilingan ilmiy natijalar, ma’rifiy fikrlar xalqimiz, ayniqsa, yoshlarning tasavvurlarini boyitishga xizmat qiladi, deb to‘laqonli aytish mumkin.
Tarix instituti tomonidan ta’sis etilgan “Amir Temur va Temuriylar merosi” ellararo tanlovining g‘oliblari e’lon qilindi. Bosh sovrin – tegishli yorliq va 2000 AQSH dollariga Egey universiteti professori Ismoil Aka loyiq ko‘rildi. Shu bilan birga, tanlovda ko‘zda tutilgan, har biri 1000 AQSH dollariga teng uchta rag‘batlantiruvchi sovrin Napo'li universiteti professori Mishel Bernardini, Egey universiteti professori Juneyit Kanat, Eron Milliy kutubxonasi mudiri G‘ulomrizo Amirxoniyga tantanali ravishda topshirildi.
Kunning ikkinchi yarmida Qirg‘iziston, Qozog‘iston, O‘zbekiston tarix, sharqshunoslik, arxeologiya, elshunoslik institutlari direktorlarining Toshkent uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti tashabbusi bilan uyushtirilgan ushbu ilk muloqotda mintaqa tarixi, madaniyati, qadriyatlari – umumiy merosimizni birgalikda va holis o‘rganish, o‘tgan yutuqlar va saboqlarni xalqimizga yetkazib borish, shuningdek ilmiy hamkorlikni har tomonlama kuchaytirish, Markaziy Osiyo tarixchilari uyushmasini tuzish, “Turon” xalqaro ilmiy jurnalini ta’sis etish, yosh tarixchilarni birlashtirish kabi masalalar bo‘yicha kelishib olindi.

Batafsil

Boshqa yangiliklar