Turk mamlakatlari tarixi bo‘yicha seminar
2025-yilning 24-fevralida Anqara shahrida (Turkiya) Otaturk nomidagi madaniyat, til va tarix oliy muassasasiga qarashli Turk Tarix Jamiyati tomonidan, Oqsoqollar Kengashi ko‘magida Turkiya Akademiyasi tomonidan “Turk mamlakatlari tarixi bo‘yicha seminar” bo’lib o’tdi. Unda Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT) ning yetakchi a’zolari, tarixchi olimlar, arxeologlar va boshqalar ishtirok etdi. Unda soha mutaxassislari va olimlar turkiy davlatlarning umumiy tarixini tayyorlash asoslarini muhokama qildilar.
2024-yil 6-noyabrda Bishkekda boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar tashkilotining XI qurultoyida turkiy davlatlarning umumiy tarixini tayyorlash gʻoyasi ilgari surilgan edi. Ushbu keng ko‘lamli loyiha uchun mas‘ul muassasa sifatida Turk Akademiyasi belgilangan.
Anqaradagi Turk Tarix Jamiyatining Bilkent kampusida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori akademik Azamat Ziyo, Turk Akademiyasi Prezidenti Shahin Mustafoyev, Turkiy Davlatlar Tashkiloti Oqsoqollar Kengashi Raisi Binali Yildirim, Otaturk Madaniyat, Til va Tarix Oliy Kengashi Raisi Derya Örs va Turk Tarix Jamiyati rahbari Yuksel O‘zgen va boshqa ko‘plab tarixchi olimlar, arxeologlar ishtirok etdi.