“8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni” arafasida FA Tarix institutida uyushtirilgan umummilliy yig‘in o‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixida xotin-qizlar tutgan o‘rni masalalariga bag‘ishlandi.
Yig‘inni ochib bergan Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo tarix fanlari doktori Dilnoza Jamolovani "Do‘stlik" ordeniga sazovar bo‘lgani, institut xotin-qizlarini 8 mart bilan chin yurakdan qutladi, bayram sovg‘alarini topshirdi. So‘ng o‘zbek davlatchiligi tarixining turli bosqichlarida xotin qizlarning siyosiy, iqtisodiy, ilmiy, madaniy, ma’rifiy faoliyatini o‘rganishning dolzarbligi, bu borada mutaxassislar tayyorlash zaruratini ta’kidlab o‘tdi. Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Feruza Jumaniyozova Turonga bostirib kelgan bosqinchilarga qarshi kurashgan ayollar – Tomir Xotun va Qabaj xotunning yurtsevarlik hamda botirliklariga oid qiziqarli ma’lumotlar keltirildi.Tarix insituti kichik ilmiy xodimi Islom Bo‘riyev Birinchi Uyg‘onish chog‘ida ko‘plab turonlik ayollarning siyosiy va ijodkorlik faoliyati, shuningdek, ularning homiylik ishlarini yangi manbalar asosida ko‘rsatib berdi. Tarix instituti kichik ilmiy xodimi Farida Sultonova chiqishida temuriylar davrining ko‘zga ko‘ringan ayollari – Saroymulkxonim, Gavharshodbegim, Shodmulk og‘a, Gulbadanbegim, Mehriy, Tuman og‘a, Xonzodabegim faoliyatiga oid ma’lumotlar tahlil qilindi. Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Jumaniyoz Sangirov shayboniylar va ashtarxoniylar davrida yashagan Iqlimabonu, Oybibi, Og‘ajon, Oyim kabi xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotidagi o‘rniga oid yangi ma’lumotlarni ilmiy muomalaga kiritdi. Tarix fanlari nomzodi, dotsent Sherzodxon Mahmudov esa mang‘itlar, qo‘ng‘irotlar hamda minglar sulolasi davrida ayollarning madrasa va maktablarga homiyligi, qizlar ta’limiga bosh-qosh bo‘lganlari, ilm va ijod bilan shug‘ullangan ayollar tomonidan yaratilgan ishlarni tahlil qildi. Tarix fanlari doktori Dilnoza Jamolova jadidlarning xotin-qizlar, onalar haqidagi qarashlari, shuningdek, jadidlarni tarbiyalagan onalar, ijtimoiy va siyosiy huquqlari uchun kurashgan jadid ayollar, o‘qituvchi, adiba, shoira jadidlar, xorijda o‘qigan xotin-qizlar masalasiga to‘xtaldi. Tarix instituti tayanch doktoranti Sohiba Maxmudovaning chiqishida milliy-ozodlik harakatlarida qatnashgan, hatto harbiy harakatlarga boshchilik qilgan ayollar, dushmandan erlari, farzandlari, otalarini himoya qilib chiqqan xotin-qizlar to‘g‘risida so‘z bordi. Tarix fanlari doktori, professor Qahramon Rajabov farg‘onalik Shakarxon, karmanalik Nodira qiz, Muhiddinbekning onasi, Xolxo‘ja eshonning singlisi Oyshaxon kabi o‘zbek ayollarining yurtimizni ozod qilish yo‘lida bosqinchilarga qarshi jang olib borganlari masalasini tahlil qilib berdi. Professor Adham Ashirov Turondagi afsonaviy xotin-qizlar Barchin, Guloyim, Yungus pari, Misqol pari, Xoldorxon, Gulchehra, Gulhirmon, Xon Dalli, Oysulu kabilarning oqilaligi, ishqda vafodorligi, jangu jadallarda qo‘rqmasligi va epchilligi hamda ayollar bilan bog‘liq urf-odat va marosimlar singari masalalar o‘zbek xalq og‘zaki ijodi namunalari asosida ochib berildi. “Saroymulkxonim o‘qishlari” umummilliy yig‘inida e’lon qilingan ilmiy natijalar, bo‘lib o‘tgan ilmiy muhokama o‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixida xotin-qizlar masalasini yanada chuqurroq va maqsadli o‘rganish hamda bu borada qo‘lga kiritilgan yutuqlarni keng targ‘ib etish zarurligini ko‘rsatdi.