“Ulug‘bek – buyuk olim, bunyodkor va arbob” ellararo ilmiy yig‘ini
Bugun buyuk olim, bunyodkor va arbob – Ulug‘bek tug‘ilgan kunining 631 yilligiga bag‘ishlab FA Tarix institutida ellararo ilmiy yig‘in uyushtirildi. Ilmiy yig‘in buyuk bobomizning ijtimoiy va aniq fanlar rivojiga qo‘shgan ulkan xizmati, boshqaruv faoliyati, siyosiy va diniy qarashlari, ustoz-shogird munosabatlarini o‘rganishga doir ilmiy izlanishlar natijalariga bag‘ishlandi.
Uni ochib bergan Tarix instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Dilnoza Jamolova Ulug‘bekning kishilik tarixidagi o‘rnini tadqiq etishning dolzarbligi, uning ilmiy merosini o‘rganish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash zaruratini ta’kidlab o‘tdi.
Tarix insituti kichik ilmiy xodimi Islom Bo‘riyev Ulug‘bekning jahon ilm-fani rivojidagi o‘rni masalasiga e’tibor qaratib, ayniqsa, astronomiyaning rivoji, qilingan kashfiyotlari to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Turkiyaning Bo‘g‘ozichi universiteti professori Hasan Umut esa Ulug‘bek rasadxonasining dunyo ilm-fani rivojidagi o‘rni, tarixiy ahamiyatini ko‘rsatib berdi.
“Qadimgi davr tarixi” bo‘limi boshlig‘i Feruza Shomukarramova o‘z chiqishida asosiy e’tiborni Ulug‘bekning yaqin shogirdi va safdoshi Ali Qushchi faoliyatiga qaratdi.
Tarix instituti “Tarixshunoslik, arxivshunoslik va hujjatshunoslik” markazi boshlig‘i Jumaniyoz Sangirov Ulug‘bekka nisbat beriladigan “Tarixi arba’ ulus” asarini manbachilik xususiyatlaridan kelib chiqib tahlil qildi.
Tarix instituti tayanch doktoranti Nurullo Ahadovning chiqishida esa Ulug‘bek davridagi adabiy muhitning o‘ziga xos xususiyatlari, yetakchi namoyandalari adabiy merosi, poetik janrlar va obrazlar takomili masalalari to‘g‘risida so‘z yuritdi.
Tarix instituti kichik ilmiy xodimi Elyor Turdimirzayev Ulug‘bekning Min sulolasi va Dashti Qipchoqdagi hukmdorlar bilan munosabatlariga e’tibor qaratdi.
Samarqand davlat universiteti dots.nti Muhammadixon Buzrukov esa Ulug‘bekning diniy qarashlari haqida to‘xtalib, uning zukkoligi, diniy ulamolar bilan ilmiy bahslar yuritganligini manbalar asosida tahlil qilib berdi.
Ma’ruzalar tugagach, fikr-mulohazalar tinglandi.
“Ulug‘bek – buyuk olim, bunyodkor va arbob” ellararo ilmiy yig‘inida e’lon qilingan ilmiy natijalar, ma’rifiy fikrlar xalqimiz, ayniqsa, yoshlarning buyuk bobomizning boshqaruvchilik, ilmiy-ma’rifiy va ijodiy faoliyati bo‘yicha tasavvurlarini boyitishga xizmat qiladi, deb to‘laqonli aytishimiz mumkin.